Umumiy o‘rta ta’limda qanday o‘zgarishlar kutilmoqda

Umumiy o‘rta ta’limda qanday o‘zgarishlar kutilmoqda

Xalq ta’limi vazirligi seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida umumiy o‘rta ta’lim tizimida joriy etilayotgan o‘zsharishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Vazirlik matbuot xizmatining xabar qilishicha, o‘zgarishlar 2017—2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi hamda hukumatning 15 martdagi (Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida) va 6 apreldagi (Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida) qarorlari asosida ishlab chiqildi.

Majburiy ta’lim tizimi (9+3) uchun 18 ta umumta’lim fanidan ta’lim mazmunining uzviyligi to‘liq ta’minlangan holda umumiy o‘rta hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlari ishlab chiqildi. Amaldagi davlat ta’lim standartlari bundan 17 yil avval umumiy o‘rta ta’lim tizimi uchun alohida, o‘rta maxsus ta’lim tizimi uchun alohida ishlab chiqilgan.

Zamon talablaridan kelib chiqib o‘quvchilarda informatika, axborot texnologiyalari fanining dastlabki tushunchalarini shakllantirish maqsadida I-IV sinflarda matematika fanini o‘qitish mazmuniga dasturlashning dastlabki tushunchalari singdirildi.

«Informatika va hisoblash texnikasi asoslari» fani «Informatika va axborot texnologiyalari» deb o‘zgartirildi. «Mehnat ta’limi» fani o‘quv rejada «Texnologiya» fani deb o‘zgartirildi hamda bugungi kun talablaridan kelib chiqib ko‘p tarmoqli yo‘nalishlarga asoslangan holda qayta ishlandi.

O‘quvchilarda ilk yoshdanoq shaxmat o‘yinlariga qiziqishini va mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida jismoniy tarbiya fanidan DTSga o‘quvchilarda shaxmat o‘yinini o‘rganishtalablari singdirildi.

Takomillashtirilgan davlat ta’lim standartlari 2017−2021 yillar oralig‘ida bosqichma-bosqichamaliyotga joriy etiladi. Ular ta’lim-tarbiya jarayoniga prinsipial yangi yondashuvning joriy etilishiga va u orqali o‘quvchilarda olgan bilimlarini amaliyotda to‘g‘ri qo‘llay olishga, mustaqil ijodiy fikrlash kabi ko‘nikmalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Maktab yoshidagi bolalarni umumiy o‘rta ta’limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan maktablarga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida umumta’lim muassasasi pedagog xodimlari tomonidan bolalarni birma-bir (uyma-uy) ro‘yxatga olish orqali amalga oshiriladi. Bu maktablarda tahsil oluvchilar sonida nomutanosibliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Endilikda belgilangan me’yorlar bo‘yicha tegishli maydonga ega bo‘lgan umumta’lim muassasasi sinflarining to‘liqligi 35 nafardan ortib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sinf o‘quvchilarini bo‘lib o‘qitish bo‘yicha ham normalar belgilandi. Jumladan, malakali o‘qituvchilar yetarli bo‘lgan hollarda o‘quvchilar soni 25 nafar va undan ziyod bo‘lgan I-IX sinflarda chet tili, ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalarida chuqurlashtirib o‘qitiladigan fanlar, V-IX sinflarda informatika va mehnat ta’limi, VIII-IX sinflarda jismoniy tarbiya fani, ta’lim boshqa tilda olib boriladigan muassasalarning II-IX sinflarida o‘zbek tili hamda ta’lim tili rus tili bo‘lmagan muassasalarning II-IX sinflarida rus tili fani darslarini ikki guruhga bo‘lib o‘tishga ruxsat etiladi.

Namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilmagan, moslashtirilgan binolarda joylashgan, o‘quvchilar soni yetarli bo‘lmagan umumta’lim muassasalarida, olis (tog‘li va cho‘l hududi) aholi punktlarida joylashgan, ta’lim o‘zbek tilida olib borilmaydigan maktablarda o‘quvchilar soni sinflarni to‘ldirishning o‘ziga xos shart-sharoitlaridan kelib chiqib belgilanadi.

Olis (tog‘li va cho‘l hududi) aholi punktlarida yashovchi maktab yoshidagi bolalarning sifatli umumiy o‘rta ta’lim olishini ta’minlash maqsadida tegishli tuman (shahar) hokimliklarining qarori asosida maktablarning filiallari tashkil etiladi. Bunday filiallarda o‘quvchilar soni 100 nafargacha bo‘ladi.

boshqa umumta’lim muassasalariga yaqinligi hamda moddiy-texnik bazasining holatidan kelib chiqib o‘quvchilar soni 180 nafargacha bo‘lgan maktablar ham filiallarga aylantirilishi mumkin.

Alohida sharoitlarda yoxud uzoq muddat davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalar umumiy o‘rta ta’limni ixtisoslashtirilgan maktab, sanatoriy turidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internat, inklyuziv (uyg‘unlashgan) sharoitda yashash joylaridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, uyda yakka tartibda, davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda olishlari mumkin.